Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azm-u shijoatli yoshlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.
Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Jumladan, madaniyat va san’at sohasida ham 8 mingga yaqin yoshlar faoliyat yuritmoqda.
Jonajon Vatanimizning yangi qiyofasini yaratishda o‘z mehnati, tashabbuskorligi va ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak va namuna bo‘layotgan azm-u shijoatli yoshlarimizning borligi barchamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Ijodkor yoshlarimizning milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun madaniyat va san’at sohasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Siz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizdan faqat bitta iltimosimiz, bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hormang, charchamang!
O‘qish-o‘rganish, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashash doimo hamrohingiz bo‘lsin!
Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi yutuqlar, baxt va omad tilayman!
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov