Joriy yilning 27-30-avgust kunlari Belarus Respublikasining poytaxti Minsk shahrida O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari, san’ati va mehmondo‘stlik an’analarini keng targ‘ib etishga qaratilgan “O‘zbek qovunlari” festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur festival O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish hamda yurtimizning sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Festival doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda yetishtiriladigan turli navdagi sarxil va mashhur qovunlar taqdim etildi. Ishtirokchilar milliy taomlar, urf-odat va an’analar bilan yaqindan tanishish barobarida, o‘zbek xalqining betakror musiqa va raqs san’atidan bahramand bo‘ldilar.
Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Jizzax viloyati bo‘linmasi ijodkorlari ham munosib ishtirok etdilar.
Bo‘linma sozandasi O‘rol Haqberdiyev hamda balet artisti Kamola Jo‘raqulova, tomonidan ijro etilgan musiqiy va raqs dasturlari festivalga o‘ziga xos milliy ruh bag‘ishladi.
Ijodkorlarning chiqishlari orqali o‘zbek milliy san’atining yuksak namunalari xalqaro auditoriyaga namoyish etilib, mamlakatimizning boy musiqa va raqs madaniyati targ‘ib qilindi.
Festival ishtirokchilarida O‘zbekistonning milliy madaniyati, san’ati, an’analari va turizm imkoniyatlariga katta qiziqish uyg‘otdi. Bunday tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, madaniy almashinuvni rivojlantirish hamda ijodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
“O‘zbek qovunlari” festivali O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, milliy san’atimizni xalqaro maydonda targ‘ib etish hamda yurtimizning boy madaniy va turizm salohiyatini namoyish etish yo‘lidagi muhim tadbir bo‘ldi.
🇺🇿 O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Jizzax viloyati bo‘linmasi jamoasi mamlakatimiz milliy san’ati va madaniyatini xalqaro miqyosda munosib targ‘ib etishga qaratilgan ijodiy loyihalarda faol ishtirok etishda davom etadi.
MINSKDA “O‘ZBEK QOVUNLARI” FESTIVALI: MILLIY SAN’AT VA MADANIYAT TARG‘IBOTI